Eko-sanoat parklarini baholash bo‘yicha trening: Barqaror sanoat rivoji uchun mahalliy salohiyatni shakllantirish
- info7347922
- Jul 10
- 2 min read
Eko-sanoat parklarini baholash bo‘yicha trening: Barqaror sanoat rivoji uchun mahalliy salohiyatni shakllantirish
Toshkent, 2025-yil 1–2-iyul
BMT Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) tomonidan amalga oshirilayotgan "O‘zbekistonda Eko-sanoat parklari (ESP)ni joriy etish" loyihasi doirasida 2025-yil 1–2-iyul kunlari milliy ekspertlar va asosiy manfaatdor tashkilotlar vakillari ishtirokida ikki kunlik onlayn trening tashkil etildi. Treningning maqsadi – sanoat zonalarini Xalqaro Eko-sanoat parklari metodoligiyasiga asosan baholash bo‘yicha milliy salohiyatni oshirishdan iborat edi.
Mazkur trening Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi (BMZ) tomonidan moliyalashtirilayotgan va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) GmbH ko‘magida amalga oshirilayotgan UNIDO loyihasi doirasida tashkil etildi.
Xalqaro ESP eksperti Branko Dunjich tomonidan o‘tkazilgan trening, sanoat zonalarining Eko-sanoat parklari modeliga aylanish jarayonini baholash va monitoring qilish uchun UNIDO (2021) tomonidan ishlab chiqilgan Xalqaro metodologiyani qo‘llash bo‘yicha milliy salohiyatni shakllantirishga qaratildi. Trening ishtirokchilarga ESP mezonlariga asosan iqtisodiy, ekologik, ijtimoiy va boshqaruv ko‘rsatkichlarini baholash uchun zarur bo‘lgan bilimlar va amaliy vositalarni taqdim etdi.
Treningda sanoat va atrof-muhit sohalarida faoliyat yuritayotgan 17 nafar (76% erkaklar, 24% ayollar) vakillar qatnashdi. Ular quyidagi tashkilotlarni ifoda etishdi:
Loyiha bo‘yicha asosiy hamkor va strategik manfaatdor tomon hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
GIZ vakillari;
Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Farg‘ona politexnika instituti, Toshkent davlat transport universiteti, Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti kabi ilmiy va ta’lim muassasalari;
Fanlar akademiyasi hamda Energetika muammolari instituti vakillari;
Xususiy sektor va energetika sohasidagi subyektlar: “ENERGY MEGA NORM” MChJ, “VELTRAN ENERGY” MChJ, shuningdek, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va muqobil yoqilg‘ilar assotsiatsiyasi”.
Ushbu keng qamrovli ishtirok trening muhokamalarining amaliy yo‘naltirilganligini va milliy siyosat ustuvorliklariga mos kelishini ta’minladi.
Trening quyidagi asosiy mavzularni o‘z ichiga oldi:
Eko-sanoat zonalari konsepsiyasi va global siyosiy asoslar bo‘yicha umumiy ma’lumot;
ESP baholash vositasining tuzilmasi va metodologiyasi;
Boshlang‘ich ma’lumotlarni yig‘ish, baholash tizimi va natijalarni talqin qilish;
O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardagi pilot baholashlardan olingan saboqlar.
Amaliy mashg‘ulotlar doirasida baholash jarayonlari namoyish qilindi, pilot zonalarning real ma’lumotlari asosida mashqlar o‘tkazildi va kelgusi ESP baholashlarida duch kelinadigan muammolar va imkoniyatlar muhokama qilindi.
Trening ishtirokchilarga ESP Baholash doirasi va uning amaliy qo‘llanilishi bo‘yicha chuqur bilim berdi. Endilikda ular mazkur metodologiyaga muvofiq ravishda O‘zbekistonning boshqa sanoat zonalarini mustaqil ravishda baholash imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Keyingi bosqichda pilot zonalar — Urgut EIZ va “Mexanik” kichik sanoat zonasi (Farg‘ona) bo‘yicha baholash natijalari milliy va xalqaro ekspertlar ko‘magida taqdim etiladi. Ushbu baholashlar asosida individual harakat rejalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston sanoat zonalarining ESZ modeliga o‘tishdagi taraqqiyotini kuzatish rejalashtirilgan.

