InnoWeek-2024 doirasida EIP seminari
- Islombek Rakhimov
- Nov 14, 2024
- 3 min read
2024-yil 14-noyabr kuni Toshkent shahridagi Radisson Blu mehmonxonasida "Oʻzbekistonda raqobatbardoshlikni oshirish uchun innovatsion yechim sifatida eko-industrial parklar konsepsiyasi" nomli muhim seminar boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbir INNOWEEK-2024 doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) tomonidan amalga oshirilayotgan "Oʻzbekistonda eko-industrial parklarga (EIP) oʻtish" loyihasi doirasida tashkil etildi va Germaniya Federal hukumati tomonidan GIZ orqali moliyalashtirildi.
Seminarda 40 dan ortiq ishtirokchilar, jumladan davlat vakillari, sanoat yetakchilari, xalqaro ekspertlar va pilot sanoat zonalari manfaatdor tomonlari ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi Oʻzbekistonda barqaror va inklyuziv sanoat rivojlanishini taʼminlash uchun eko-industrial parklardan foydalanish imkoniyatlarini yoritish boʻldi. Bu konsepsiya sanoat zonalarida resurslarni samarali ishlatish, ekologik boshqaruv va sanoat simbiozi kabi yondashuvlarni integratsiya qilish orqali amalga oshirilishi mumkin.

Tadbir GIZ vakili Igor Yerenkoning ochilish nutqi bilan boshlandi. U Germaniya Federal Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Vazirligi (BMZ) tomonidan Deutsche Gesellschaft für Internationale Zusammenarbeit (GIZ) orqali moliyalashtirilgan ushbu loyihani tanishtirdi. Igor Yerenko bu tashabbus GIZning "Oʻzbekistonda xususiy sektorni rivojlantirish va iqtisodiy siyosat boʻyicha maslahat berish" loyihasi doirasida amalga oshirilayotganini tushuntirdi. Uning taʼkidlashicha, loyiha malaka oshirish, sanoatni modernizatsiya qilish va xususiy sektorni barqaror rivojlanish jarayoniga jalb qilishga qaratilgan. Shuningdek, develoPPP tashabbusi kabi vositalar orqali hamkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor qaratilgan.
Shundan soʻng, UNIDO loyihasi rahbari Tatyana Chernyavskaya soʻzga chiqib, "Oʻzbekistonda eko-industrial parklarga oʻtish" loyihasining maqsadlari va erishilgan natijalari haqida batafsil maʼlumot berdi. U sanoat zonalarida resurslardan samarali foydalanish va ekologik barqarorlikni oshirish ushbu loyihaning asosiy maqsadi ekanligini ta’kidladi. Tatyana Chernyavskaya UNIDO jahon miqyosidagi tajribasidan foydalangan holda Oʻzbekistonda samarali va barqaror yechimlarni amalga oshirishga sodiqligini qayd etdi.
Bundan tashqari, u loyiha manfaatdor tomonlari bilan aloqalarni kengaytirish rejalari haqida ham soʻz yuritdi. U loyiha doirasida achievements, case studies va tadbirlar haqida muntazam ravishda axborot yetkazish uchun turli kommunikatsiya kanallaridan foydalanish rejalashtirilganini ta’kidladi. Shuningdek, loyiha uchun maxsus veb-sayt yaratish rejalashtirilayotgani eʼlon qilindi, bu sayt barcha manfaatdor tomonlar uchun markaziy axborot platformasi sifatida xizmat qiladi, muntazam yangiliklar, resurslar va analitik maʼlumotlar bilan taʼminlaydi.

Innovatsion rivojlanish agentligi vakili Sanjar Berdiev soʻzga chiqib, innovatsiyalar va barqaror sanoat amaliyotlari Oʻzbekistonning uzoq muddatli iqtisodiy oʻsishi hamda global raqobatbardoshligini oshirish uchun muhim ekanini ta’kidladi. U sanoat zonalarini eko-industrial parklarga aylantirish jarayoni mamlakatning sanoat sektorini modernizatsiya qilish, innovatsion ekotizimlarni rivojlantirish va ekologik barqarorlik maqsadlariga erishish strategiyasiga mos kelishini qayd etdi.
Sanjar Berdiev, shuningdek, Innovatsion rivojlanish agentligining sanoat, akademik doiralar va davlat idoralari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdagi muhim rolini ta’kidlab oʻtdi. U eko-industrial parklarga oʻtish loyihasi sanoat zonalarida resurslardan samarali foydalanish, sanoat chiqindilarini kamaytirish va umumiy mahsuldorlikni oshirishda muhim rol oʻynashiga ishonch bildirdi.
Dostonbek Abdirahmonov, Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakili sifatida Oʻzbekistonning sanoat zonalarining hozirgi holati boʻyicha batafsil maʼlumot berdi. U sanoat hududlarida erishilgan yutuqlar, mavjud muammolar va eko-industrial park tamoyillarini joriy etish orqali rivojlanish imkoniyatlari haqida gapirdi.
Shundan soʻng, UNIDO eksperti Dik Van Beers eko-industrial parklarga oid dunyo miqyosidagi ilg‘or tajribalar va muvaffaqiyatli misollarni taqdim etdi. U, xususan, Daniyaning Kalundborg sanoat simbiozi tajribasiga eʼtibor qaratib, eko-industrial parklar samaradorlikni oshirish, ekologik taʼsirni kamaytirish va sanoat korxonalarining hamkorligini mustahkamlashga yordam berishini tushuntirdi.
Urgut erkin iqtisodiy zonasi (EIZ "Urgut") vakili Ahrorov Ulug‘bek va Sanoat innovatsion zonasi (KSZ "Mekhanik") vakili Kimsanboyev Jamshid o‘z hududlaridagi dastlabki EIP tamoyillarini joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilgan harakatlar haqida ma’lumot berib, resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha tadbirlar va yashil texnologiyalarni joriy qilish rejalari haqida gapirib oʻtdilar.
Shundan soʻng, UNIDO katta eksperti Jan-Pol Gotye eko-industrial parklarni rivojlantirish uchun Oʻzbekiston qonunchiligida amalga oshirilishi mumkin boʻlgan takomillashtirishlar haqida maʼruza qildi. U regulyativ rag‘batlantirish, sanoat hamkorligi uchun soddalashtirilgan jarayonlar va xalqaro standartlarga moslashtirish orqali barqaror sanoat transformatsiyasini qo‘llab-quvvatlash mumkinligini ta’kidladi.
Saidkamol Burxanov pilot zonalar rezident korxonalariga amalga oshirilgan RECP baholash natijalari haqida gapirdi. U chiqindilarni minimallashtirish va sanoat korxonalari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish orqali sanoat simbiozini shakllantirish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Seminar ochiq muhokama bilan yakunlandi, unda eko-industrial parklarni joriy etish, duch kelinayotgan qiyinchiliklar va kelgusi qadamlar haqida savollar muhokama qilindi. Tatyana Chernyavskaya va UNIDO jamoasi loyiha boʻyicha so‘nggi yangiliklarni ulashdi va xalqaro ilg‘or tajribalarni Oʻzbekistonga moslashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Seminar Oʻzbekistonning barqaror sanoat amaliyotlarini ilgari surish bo‘yicha qat’iy pozitsiyasini namoyon etdi. Xalqaro ekspertlar bilan hamkorlik va ilg‘or tajribalarni joriy qilish orqali eko-industrial parklar mintaqada barqaror sanoat rivojlanishining namunasi boʻlishi mumkin.